2024 yil 21-22 avgust kunlari Toshkent shahridagi Yoshlar tashabbuslari markazida “Raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali katta yoshdagilarni o’qitish” loyihasi doirasida trening bo‘lib o‘tdi, (Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan).
Tadbir “SABR” Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi, Yoshlar tashabbuslari markazi va DVV International O‘zbekistondagi filiali hamkorligida tashkil etildi.
Asosiy maqsad - kattalar ta’limi, norasmiy ta’limga yangi raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, ijtimoiy yo‘naltirilgan NNTlarning salohiyati va institutsional rivojlanishini oshirishdan iborat.
Trening raqamli texnologiyalar bo‘yicha ko‘nikmalar va tashkilotda yashil iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish usullarini rivojlantirishga qaratilgan. Ijtimoiy yo‘naltirilgan NNTlar norasmiy tarmog‘i a’zolari – “SABR” hamkorlarining malakasini oshirish trening ishtirokchilariga olingan bilimlarni nafaqat o‘z ishlarida qo‘llashi, balki ularni o‘z faoliyati orqali tarqatish, maqsadli guruhlar, ayollarni va qishloq joylarda yashovchi yoshlarni o‘qitish orqali ham targ‘ib qilish imkonini beradi. O‘z navbatida, qishloq aholisi o‘z biznesini, innovatsion mahsulot va xizmatlarini yaratish va rivojlantirish ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tadbirda O‘zbekistonning 12 viloyatidan norasmiy ijtimoiy yo‘naltirilgan NNTlar tarmog‘i a’zolari – “SABR” hamkorlari va DVV International O‘zbekistondagi filiali vakillari ishtirok etishdi.